samarkandnews.uz – халқ депутатлари Самарқанд шаҳар кенгаши ва шаҳар ҳокимлигининг «Samarqand» газетаси раcмий веб-сайти

ZAMONAVIY ERTAKLAR XAVFI

Чоп этиш

"Ertaklar — yaxshilikka yetaklar". Xalqimiz tomonidan irod etilgan bu naql bugungi kunda o‘z ma’nosini yo‘qotayotir.

Bola tarbiyasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ertaklar  kundan-kunga  "zamonaviylashib", buning aks ta’sirini bermoqda.

"Samarqand kitob olami" majmuasidan o‘rin olgan bir-biridan chiroyli muqovali, bejirim kitoblar bir ko‘rishda kishi e’ti­borini jalb etadi. Ammo ba’zi ertak kitoblar juziy kamchiliklar bilan chop etilmoqda. "Erkatoy"  er­taklar to‘plamiga kiritilgan "Dono qiz" ertagida ish­latilgan "befahmroq", "savdo-sotiq  ishlariga xom" kabi jumlalar bolalar uchun biroz tushunar­sizdir. Ertakda texnik mu­harrir tomonidan e’tiborga olini­shi lozim bo‘lgan sahifa­lash qoidasiga rioya etilmagan. Oqibatda sahi­falardagi jumlalarning ortiqcha uzunligi o‘qish davomida bolaning tez charchashiga sabab bo‘ladi. Bola tushunmaydigan so‘zlar orqali ertak mazmunini qanday ang­lashi mumkin?

Nargiza Umrzoqova muallifligi ostida chop etilgan "Ertaklar vodiysi" to‘plamidan o‘rin olgan ba’zi ertaklarda ham bir necha kamchiliklar ko‘zga tashlanadi. "Toshbag‘ir boy" ertagida bir xasis boy bo‘ladi. Bir faqir bechora uning eshigiga bir burda non so‘rab keladi. Boyning jahli chiqib, faqirni haydab yuboradi. Faqir boyni xafa qilib qo‘ydim, deb endi hech kimdan hech narsa so‘ramayman, shu kunimga shukur qilib yashayman, deydi. Bu yerda men yosh bolalar anglashi kerak bo‘lgan ma’no-mantiq, xulosani tushunmayapman. "Faqir endi ochlikda qanday yashaydi? Nega endi u boyni xafa qildim deb hisoblayapti? Aksincha, boy bechora kambag‘alga do‘q urib, uning dilini og‘rit­madimi? Yosh bola bundan qanday xulosa chiqarishi mumkinligi kishini o‘ylan­tiradi. Yosh avlodni tar­biyalash, uning ma’naviy olamini yuksal­tirishga qaratilgan bunday ertaklar bola ongiga noto‘g‘ri va mujmal yetib borishi mumkin.  Bu orqali ko‘z­langan natijaga erishib bo‘lmaydi.

Filologiya fanlari nomzodi Abdumurod Tilavovning  umumiy tahriri ostida to‘plamga kiritilgan "Dev­ning bog‘i" nomli ertak ham izchil yo‘na­lishda yori­tilmagan. Bolalar bog‘da o‘ynab yurish­ganida dev kelib bog‘ni egallab oladi. Keyin boqqa kirgan  bolalarni jazolashini aytadi. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: nima uchun bog‘, bolalar, qushlar, gullar bilan dev obrazi qarama-qarshi qo‘yilmoqda? Menimcha, bu o‘rinda mantiqiy g‘alizlikka yo‘l qo‘yilgan. Zamonaviylik va o‘tmish voqealari biroz noo‘rin ishlatilgan. "Aks-sado" ertagida esa ota va og‘il tog‘da bir-birini yo‘qotib qo‘yishadi. Bola baland ovozda otasini chaqirganda tog‘lar orasidan aks-sado qaytadi. O‘g‘il qo‘rqib ketadi. Shunda birdan otasi yetib keladi. U o‘g‘liga aks-sado nima ekanligini tushuntirish maqsadida "Seni sevaman",  deb aytadi va tog‘dan xuddi shunday javob qaytadi. Endi o‘ylab ko‘ring, aks-sadoni tushunmaydigan bola "seni sevaman", degan jumlani qanday anglashi mumkin? Bu kabi g‘alizlik o‘sib  kelayotgan yosh avlod ma’naviy olamiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin-ku.  Mazkur ertak kitobni nashrga tayyorlashda bolalar kitoblari uchun belgilangan me’yorlar umuman inobatga olinmaganligini, matn ma’no-mazmuni o‘ta sayoz yoki bola tushunishi uchun murakkab ekanligini ko‘rish mumkin.

Aslida har kuni oila davrasida aytilgan ertaklar to‘g‘ri yashash, halol mehnat qilishga o‘rgatgan. Bu sehrli olamning ko‘z ilg‘amas, qo‘l yetmas, quloq eshitmas jihatlarini har qancha ta’rif etgan bilan ado qilolmaysan, kishi. Kitob rastalariga terib qo‘yilgan rang-barang ertak kitoblarni sotib olayotgan ota-onalar ularning ma’no-mazmuniga e’tibor qaratishlari lozim. Bolalarni esa kitob muqovasidagi tasvirlar jalb qiladi. Ertak ma’nosi, saviyasi, bolalar dunyoqarashini kengaytirishga qaratilganligi, milliy urf-odatlarga  mosligini mas’ul xodimlar yaxshilab o‘rganib chiqib, tahrirga tayyorlashda ziyraklikni oshirishi lozim. Zero, oddiygina xato ham bola ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Муаллиф: Gulmira Sherali qizi SamDCHTI  1-bosqich talabasi

12.11.2018 160 88 Таълим
окна фотограф html php памятники знакомства