samarkandnews.uz – халқ депутатлари Самарқанд шаҳар кенгаши ва шаҳар ҳокимлигининг «Samarqand» газетаси раcмий веб-сайти

Til yaqin — dil yaqin

Чоп этиш

Do‘stlik chegara bilmaydi. Xalqlar o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishida lug‘atlarning o‘rni beqiyos.

Jumladan, Qozonning "Tatar kitob nashriyoti"da ikki ming nusxada chop etilgan Maqsud Abdurahimovning "Qisqacha o‘zbekcha-tatarcha maqol-matallar lug‘ati" o‘zbek-tatar xalqlari do‘stligining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Ushbu lug‘at o‘zbek va tatar tillari o‘qituvchilari, tarjimonlar, filo­loglar, o‘zbek va har ikkala tilni o‘rganuvchilar hamda shu xalqlar­ning folklori — og‘zaki ijodi masalalari bilan qiziqadigan keng kitobxonlar uchun mo‘ljallangan. Kitob "Qadimgi hikmatlar yoki ikki xalq donoligi" deb nomlangan kirish so‘zi bilan boshlanadi. Unda tarixning ham, moddiy va ma'naviy qadriyat­larning ham yaratuvchisi xalq ekanligi, xalq ijodida maqol va matallar muhim o‘rin tutishi alohida uqtirilgan. Buni muallif turkiy xalqlarning tili, tarixi, adabiyoti, madaniyatini o‘rganish qadimgi davrlarga borib taqalishi, bu borada jahon tilshunoslik ilmida o‘z muno­sib o‘rniga ega bo‘lgan bobokalonimiz Mahmud Kosh­g‘ariyning "Devonu lug‘otit turk" asarida misol tariqasida keltirilgan 400 ga yaqin maqollardan 250 dan ortig‘i o‘zbek va tatar tillarida bugungi kunda ham iste'moldaligini ta'kidlash orqali asoslagan.

Kitobning asosiy — lug‘at qismi shartli qisqartmalar havolasidan so‘ng boshlanadi. Maqol va matallar alifbo tartibida avval o‘zbekchasi, keyin tatarcha tarjimasi yoki muqobili va undan so‘ng ularning rus tilidagi tarjimasi, mazmunan o‘xshashi keltirilgan. Masalan, avval taom, ba'daz kalom — aval tagam, so‘nginnan kalom, burgaga achchiq qilib, ko‘rpangga o‘t qo‘yma — bitga achu etip, to‘nin o‘tka yakkan, yomondan qoch, yaxshiga quloch och — yamannan kach, yaxshiga kuchak ach, do‘sting ikki, dush­maning o‘n ikki — do‘slar egiz, dush­man segiz va hokazo. Lug‘at "Tatar maqol va matallarining alifbo ko‘rsatkichi", muxtasar eslatma va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati bilan yakun topgan.

Lug‘atda keltirilgan ko‘pgina maqol va matallar har ikki tilda ham jiddiy farq qilmaydi, farqlisi ham birorta so‘zda bo‘lishi mumkin. Shu bilan bir qatorda, o‘zaro tuzilishi va mazmuniga ko‘ra farq qiladigan maqol va matallar ham kam emas: Alixo‘ja — Xo‘jali — Bekboy da bir, Boybek ta bir, to‘dadan ayrilganni bo‘ri yer — ayrilgan koz to‘plangan kargaga jem bo‘lir, har yelkasida bitta odam o‘tiradi — baskan izinnan suv chikara, achchiq savol berib, shirin javob kutma — achiga chuchi bo‘lmiy kabi.

Muallif  har ikkala qardosh tildagi maqollarni o‘zbek olimlari T. Mirzayev, B. Sarimsoqovlar tahririda 1987, 1988-yillarda Tosh­kentda chop etilgan "O‘zbek xalq maqollari", tatar folklor­shunosi N. Isanbetning Qozonda 1959, 1963, 1967-yillarda nashr etilgan uch jildlik "Tatar xalq maqollari" kitob­laridan saralab olgan va qiyoslab o‘rgangan.

Ushbu lug‘at ikki tilli maqol va matallar lug‘atini yaratish borasida amalga oshirilgan dastlabki tajriba bo‘lganligi sababli unda ayrim kamchiliklar ham ko‘zga tashlanadi. Chunonchi, unga arava sinsa, ra'y­korchi ko‘payar, arzimaydi g‘allasi, kuydiradi shogirdonasi kabi ayrim tushunarsiz kom­ponentli maqollar ham kiritilgan. Lug‘atning so‘zboshi qismi rus tilida yozilgan. Aslida bunga lug‘atning nomlanishidan kelib chiqqan holda, ya'ni o‘zbek, tatar tillarida so‘zboshi berish va shundan so‘ng rus tilida ham takrorlansa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Lug‘at boshida har ikki tilning alifbosini berish lozim ko‘rinadi. Chunki o‘zbek va tatar tillarining kirill alifbolaridagi harflarda farqlar bor. Bizningcha, lug‘atga yana bir muhim qism — o‘zbek va tatar tillarida qo‘llanadigan, tushunilishi qiyin bo‘lgan ayrim so‘zlar izohi ham qo‘shilsa, kitob­ning amaliy qimmati yanada ortardi.

Taniqli adabiyotshunos, yozuv­chi, lug‘atshunos olim M. Abdu­rahimov kitob so‘z boshida haqli ravishda ta'kidlab o‘tganidek, ushbu salmoqli lug‘at o‘zbek-tatar xalqlari folklorining qadimdan yuzaga kelgan aloqalarini, ertaklar, topishmoqlar, masallar, maqollar va matallarini keng miqyosda o‘rganishga turtki bo‘ladi. Ayniqsa, har ikki xalq yosh­larining xalq og‘zaki ijodi namu­nalarini o‘rganishlari va shu asosda o‘z ma'naviy-axloqiy dunyosini shakllantirishlari, boyitishlari uchun  xizmat qiladi.

Муаллиф: M. BOLTAYEV, SamDU dotsenti

15.03.2018 146 20 Таълим
окна фотограф html php памятники знакомства