samarkandnews.uz – халқ депутатлари Самарқанд шаҳар кенгаши ва шаҳар ҳокимлигининг «Samarqand» газетаси раcмий веб-сайти

O‘zbek tili o‘lmaydi

Чоп этиш

Mamlakatimizning qay go‘shasiga bormang, u yerdagi bino va inshootlar peshtoqida bitilgan ko‘plab xorijiy nоm va atamalarga duch kelasiz.

Yozuvlarning ayrimlari o‘sha manzildagi savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari faoliyat turiga mos kelar. Ammo  bu ajnabiy bitiklar mahalliy aholi uchun tushunarsizdir.

Jumladan, Amir Temur ko‘cha­sida joylashgan "Lamoda.uz" ayollar va bolalar kiyimlari do‘koni, "FujiFilm" digital imagining service", "Safina" kiyim-kechak do‘koni, "Sotik Service" ustaxonasi, "Lego" ma­gazini fikrimizga yaqqol misol bo‘la oladi. Chet eldan kirib kelgan bu kabi ajnabiy so‘zlar insonlar ongiga qay darajada ta'sir etadi? Nahotki shular xaridorlar e'tiborini jalb eta olsa?! Keling, ularning asl leksik ma'nosiga to‘xtalamiz.

"Lamoda" — firma nomi. Xorijda modani tomosha qiluvchi zamonaviy odamlar ushbu onlayn do‘konni tanlaydi. Bunday do‘konni o‘zbekcha nom bilan yuritib, odamlarni jalb qilish mumkin-ku. Yoki ona tili­mizdagi so‘zlar mahsulot "sifatiga" putur yetkaza­dimi?

Lego — yig‘ish, munchoqlarni ipga tizish, narsalar yasash, kesish ma'no­larini anglatadi. Aynan shu ma'nodagi so‘zlarni ona tilimizdagi muqobili bilan ifodalash ham mumkin-ku.

Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari, asosan, televideniye orqali namoyish etilayotgan ko‘rsatuvlar ham ingliz tilida nomlanmoqda. Agar ko‘r­satuv ingliz tilida olib borilsa, uni shu tilda nomlash to‘g‘ri. Ammo o‘zbek tilidagi ko‘rsatuvni xorijiy tildagi so‘zlar bilan atashdan maqsad nima? Xususan, "Zo‘r tv" kanali orqali efirga uzatilayotgan "Bojalar community", "The cover up", "Stand up show", "Dance show", "Real xit", "Sketch shou", "Adrenalin shou" kabi loyihalar ingliz tilida nomlangan bo‘lsa-da, o‘zbek tilida olib boriladi. Shu o‘rinda ushbu ko‘rsatuvlarda o‘zbek tili qoidalari ham buzilib, jargon va Toshkent shevasidan foydala­ni­la­yotganligini ta'kidlab o‘tish joiz.

O‘zbek tiliga nisbatan nopisand va qo‘pol munosabatda bo‘lish holatlari internet va ijtimoiy tarmoqlarda  avj olmoqda. Unda berilayotgan maqolalar imlo va uslubiy xatolar bilan to‘lib-toshayotgani kishini tashvishga soladi.   

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o‘zbek tilini fors-tojik tili bilan chog‘ish­tirib, u fors tilidan qolishmasligini, undan boyligini ko‘rsatib, ijodkorlarni o‘zbek tilida asarlar yozishga rag‘batlantirdi. Alisher Navoiy ikki tilni chog‘ishtirganda, 100 fe'lni keltirib, ularni tahlil qildi. U o‘zbek tili beqiyos, boy xazina ekanligini bizga isbotlab berdi.

Masalan, fors-tojik tilida "girya kardan" birikmasi o‘zbek tilida yig‘la­moq, ingramoq, singramoq, yig‘la­m­sin­moq, sixtamoq, o‘kurmoq, ich­kiramoq fe'llari bilan, "no‘shidan" so‘zi o‘zbek tilidagi ichmoq, sipqormoq, tamshimoq so‘zlari bilan berilishini izohlaydi.

Arab va fors-tojik tili davlat va ilmiy til sifatida shuhrat topgan turk (o‘zbek) tilida biror badiiy asar yaratilmagan o‘sha davrda Navoiy bobomiz ko‘r­satgan jasorat har qancha maqtovga, olqishga sazovordir.

Tilda millat ruhi yashaydi, millat hayotida yuz bera­yotgan o‘zgarishlar tilda xuddi ko‘z­gudek aks etib turadi. Ulug‘ bobo­kalonimiz Abdulla Avloniy aytgan­lari­dek:  "Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur". Shuning uchun tilimizga bo‘lgan e'tibor, yaxshi munosabat hech qachon yo‘qolmasin.

Муаллиф: Gulmira Jo‘raboyeva, SamDCHTI 1-bosqich talabasi

10.10.2018 160 79 Жамият ва ҳуқуқ
окна фотограф html php памятники знакомства