samarkandnews.uz – халқ депутатлари Самарқанд шаҳар кенгаши ва шаҳар ҳокимлигининг «Samarqand» газетаси раcмий веб-сайти

O‘ZBEK YOZUVI VA IMLO ISLOHOTLARI TARIXI

Чоп этиш

Filologiya fanlari doktori Jo‘liboy Eltazarov o'zbek alifbosi va imlosi qanday bo'lishi kerakligi haqida qattiq bahs-munozaralar bo'layotgan shu kunlarda Samarqand davlat universiteti nashriyotida "O'zbekistonda XX asrda amalga oshirilgan yozuv va imlo islohotlari tarixidan (sotsioling¬vistik tahlil)" nomli ilmiy monografiyasini chop ettirdi.

Ushbu tadqiqotda O‘zbekistonda XX asrda yozuv va imlo bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar tarixi, bu islohotlarga olib kelgan tarixiy-siyosiy va ijtimoiy sharoitlar sotsioling­vistik nuqtayi nazardan tadqiq qilinibgina qolmasdan, o‘tkazilgan yozuv va imlo islohotlarining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti hamda milliy ongning rivojiga qay darajada ta'sir etganligi masalalari ham ko‘plab tarixiy manbalarga tayangan holda tahlil qilingan. Aslida mazkur monografiya oliy ta'lim muassasalari filologiya ta'lim yo‘nalishlari talabalariga "Hozirgi o‘zbek adabiy tili", "Sotsiolingvistika", "O‘zbek tilshu­nos­ligi tarixi", "Tilshunoslik nazariyasi" kabi bir qator muta­xassislik fanlaridan qo‘shimcha ilmiy adabiyot sifatida nashr etilgan. Shu bilan bir qatorda, mamlakatimizda 1993-yil 2-sentabrda qabul qilingan "Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g'risida"gi qonun va uning keng miqyosda hayotga tatbiq etilishi borasida bo‘layotgan bahs-munozaralarda ushbu muammoga ba'zi hollarda noxolislik, biryoq­lamalik bilan yondashilayotganligi hamda masa­laga adolat va xolislik nuqtayi nazaridan baho berib, unga to‘g'ri mu­no­sabatda bo‘lish uchun faqat tor doiradagi mutaxassislargagina emas, balki o‘zini ushbu muammoga daxldor deb hisob­laydigan vatandoshlarimiz, keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallanganligi bilan ham juda qimmatlidir. Monografiyaga Ger­mani­ya­ning Humboldt universiteti professori, o‘zbek tilining chet eldagi chuqur bilimdoni va xalqimizning do‘sti Ingeborg Baldauf xonim va Samar­qand davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Suyun Karimov mas'ul muharrirlik qilishgan.

Muallif kitobning so‘zboshisini "Bugungi  kunda tilni faqat aloqa vositasi sifatida qabul qiladigan an'anaviy qarashlar eskirdi. Endi, globallashish jarayonlari avj olgan XXI asrda har bir milliy tilga insoniyatning buyuk ma'naviy merosi sifatida qarash lozim bo‘ladi. Chunki, olimlarning hisob-kitobiga qaraganda, ushbu asrning so‘ngiga qadar hozirgi kunda dunyoda amalda bo‘lgan 6-7 ming til hamda shevalardan faqat 50 tasi saqlanib qoladi. Bu 95 foiz qisqaruvning sababi aksar tillarning hozirgi kommunikatsiya va umumjahon iqtisodiy, informatsion integratsiyasi jarayonlarida faol qo‘llanmaganligidir. Bunday tillarning aksariyati iste'moldan chiqadi yoxud unutiladi", degan ehtirosli jumlalar bilan boshlaydi. Kitobning kirish qismida alifbo va imlo tushunchalari, imlo­ning fonematik, fonetik, etimologik, morfologik tamoyillari mavjudligi, o‘zbek imlosining amalda bo‘lgan 1956 va 1995-yillarda tasdiqlangan qoidalarida fonematik, fonetik, morfologik tamoyillar yetakchi hisoblanishi, etimologik va an'anaviy-tarixiy tamoyillar esa ikkinchi darajali ekanligi haqida qisqa, lo‘nda  ma'lumot beradi hamda alifbo va imlo milliy tilning amal qilinishida katta rol o‘ynovchi, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida faol qo‘llanuvchi muhim ijtimoiy unsurlar ekanligini alohida ta'kidlaydi.

Monografiya "Jadidchilik va til — yozuv — imlo masalalari", "Alfavit almashtirish davrining boshlang‘ichi", "Lotin yozuviga o‘tish: masala­ning tarixi, sabablari, oqibatlari", "Kirill yozuviga o‘tish: qonuniy holmi yoki davr talabi?", "Yangi o‘zbek lotin alfaviti", "Yangi alifboni joriy etish: natijalar va saboqlar" kabi olti qismga bo‘lingan. Kitob xulosa, yuzdan ortiq turli tillarga oid kitoblar va ilmiy manbalarni qamrab olgan bibliografiya hamda ilovalar bilan yakunlangan. O‘ylaymizki, monog­rafiya yangi o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarini amalga tatbiq etish borasida butun mamlakat bo‘ylab avj olayotgan bahs-munozaralarga yechim topish borasida aniq dalillarga tayanuvchi muhim manba sifatida xizmat qiladi.

Муаллиф: Mardon BOLTAYEV, SamDU dotsenti 

24.09.2018 167 74 Адабиёт
окна фотограф html php памятники знакомства