samarkandnews.uz – халқ депутатлари Самарқанд шаҳар кенгаши ва шаҳар ҳокимлигининг «Samarqand» газетаси раcмий веб-сайти

Mehnatidan qadr topgan

Чоп этиш

O‘quvchiga mehr bilan ta’lim-tarbiya bergan ustoz har doim qadr topadi. Pedagogika sohasida o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida samarali mehnat qilib kelayotgan 72-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Orzugul Haydarova ham mahallasi, hamkasblari va kamolga yetkazayotgan o‘quvchilari orasida alohida hurmat-ehtiromga ega.

Boshlang‘ich bilimlarni, ta’lim-tarbiyani Orzugul Hay­darovadan olgan o‘quv­chi­larning ta’limning keyingi bosqichlarida ham namunali xulq-atvori, ilmga chanqoqligi va erishayotgan muvaffaqi­yatlari boshqa tengdoshlarining havasini keltiradi. Bu o‘qi­tuvchining o‘quvchilar ongiga fanlarning mazmun-mohiyatini, ahamiyatini chuqur singdirgani, o‘z ustida ishlab, darsga ijodiy yondashayotgani, dars jara­yonida zamonaviy axborot-kom­munikatsiya texnologi­yalaridan keng foydalanayotgani nati­jasidir.

— Bunday sharafli kasbga sadoqatni, mas’uliyatni uzoq yillar el-yurt xizmatida bo‘lgan onamdan o‘rganganman, — deydi Orzugul Haydarova. — Shu bois nafaqat hayotda, balki kasbiy faoliyatimda ilk ustozim onam, deyishga haqliman. Boshlang‘ich sinf bolaning hayotga, atrof-muhitga, ilm-fanga, ona Vatan va yaqinlarga munosabati, iqtidor va iste’dodi shakllanadigan davr. Bu o‘qituvchidan nihoyatda ziyraklik, tinimsiz mehnat, sabr-toqat talab etadi. Sinfimda biror o‘quvchining uquvsizligi, ta’lim-tarbiyaga loqaydligini payqasam, ushbu holat menga aslo tinchlik bermaydi. Bunday paytda bor imkoniyatimni, malakamni ishga solishga, ustozlarimning tavsiyalarini olib, tajribalaridan foydalanishga intilaman.

Darhaqiqat, O. Haydarovaning bu mehnatlari, albatta, besamar ketmagan. Uning bir necha shogirdlari xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olib qaytgan. Sarvinoz Mamarahimova, Rahima Abbosova, Husain Aliyev, Anora Rizoqulova kabi shogirdlari fan olimpiadalarining viloyat va respublika bosqichlarida ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallashgan. Uning bir qancha dars ishlanmalari, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari shahrimiz umumta’lim maktablarida ommalashtirilgan. O. Haydarovaning xalq ta’limi sohasidagi fidoyiligi, samarali mehnati inobatga olinib, o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan "Xalq ta’limi a’lochisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

 

Муаллиф: Gulmira JO‘RABOYEVA

29.09.2018 117 76 Янгиликлар
окна фотограф html php памятники знакомства