samarkandnews.uz – халқ депутатлари Самарқанд шаҳар кенгаши ва шаҳар ҳокимлигининг «Samarqand» газетаси раcмий веб-сайти

"YAQINLARNING YURAGIDA YASHAYMAN"

Чоп этиш

Tilshunos olima Dilbar O‘rinboyevaning "Zarafshon" nashriyotida filologiya fanlari doktori, professor Bozorboy O‘rinboyevning hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi shu nomdagi kitobi nashrdan chiqdi.

Ustoz B. O‘rinboyev o‘zbek tilshunosligi rivojiga, mamlakatimiz maorifi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan taniqli olimlardan biri edi. Uning o‘zbek tilshunosligining turli sohalariga oid darsliklari, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalari, yuzlab ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari (ularning umumiy soni mingga yaqin) filolog-talabalar, magistrantlar, doktorantlar, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari, ona tilimiz tarixi va bugungi taraqqiyoti bilan qiziqadigan keng kitobxonlar ommasiga yana ko‘p yillar xizmat qiladi. Ustoz izidan borib, tilshunos olima bo‘lib yetishgan kenja qizi Dilbar O‘rinboyevaning bu ezgu sa’y-harakati Bozorboy O‘rinboyevni yaqindan tanigan, ilm-u o‘gitlaridan tahsil-u tarbiya olgan yoki uni kitoblari, ilmiy ishlari orqali biladigan ilm ahli, ziyolilar uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi.

Kitobxonlar bu kitob orqali ustoz bilan yana bir bor yuzma-yuz uchrashgandek, jonli muloqot qilgandek bo‘ladi. Chunki unda ustozning farzandlari, yaqinlari, shogirdlari, ham­kasblarining dil so‘zlari o‘z aksini topgan. Bu xotiranomalarni o‘qir ekansiz, uzoq yillar Samarqand, Qarshi, Jizzax davlat pedagogika institutlarida, Samarqand davlat chet tillar institutida, Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida ilmiy-pedagogik faoliyat yuritgan, Samarqand, Qarshi, Jizzax davlat pedagogika institutlariga rahbarlik qilgan, rahbar sifatida o‘ta jiddiy, qattiqqo‘l, ammo barchaga birdek mehribon, qo‘l ostidagilar qalbiga yo‘l topa olgan kamtarin inson hayotining yangi-yangi qirralarini kashf etasiz. Ayniqsa, yangi tashkil etilgan institutlarda olib borilgan mashaqqatli ishlar, ilmiy anjumanlar, mubohasa-yu muno­zaralar va boshqa-boshqalardan ortib, o‘zi doimo rioya  etadigan prinsipiga  ta­yan­gan holda, "bor vaqtini to‘rtga bo‘lib, bir qismini ishga, bir qismini turmush o‘rtog‘iga, bir qismini farzandlariga va oxirgi bir qismini o‘ziga ajrata olgan"ligiga qoyil qolasiz. Kundaliklarda ustozning mana bunday faylasufona fikr-mulohazalaridan bahra olib, suhbat qurgandek bo‘lasiz: "Umr g‘animat, undan ko‘p narsa talab qilma, boriga shukur qil, qo‘lingdan kelganicha insonlarga yaxshilik qil",  "Har bir kitob — bitta mamlakat", "Oilaning asl tayanchi xotin. Bir inson har qancha boy va ulug‘ martaba egasi bo‘lsa ham, xotini tarbiyali bo‘lmasa, u inson baxtli bo‘la olmaydi. Chunki baxt oila ichida rohatlanib umr kechirishdan iborat, oila ichida rohat ko‘rmagan inson oilasidan tashqarida rohatlana olmaydi"...

Hatto ustozning shuncha ishlardan ortib, doktor Uollokning "Marhum doktorlar aldamaydi", F. A. Teshevning "Parhezlar" kitoblarini qanday qilib atigi ikki kun ichida o‘zbek tiliga o‘girganligidan voqif bo‘lasiz. Domlaning vaqtni qay darajada qadrlay olganini ko‘rib, vaqtni besamar ketkazishdan o‘zingizni tiyishga, har bir soniyadan unumli foydalanib qolishga intilasiz, uni isrof qilish naqadar katta gunoh ekanligini his etasiz.

Bir so‘z bilan aytganda, Dilbar O‘rinboyevaning "Yaqin­lar­ning yuragida yashayman" nomli kitobi katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lishi bilan birga, yoshlarning kattalar oldidagi, shogirdlarning ustozlar oldidagi, farzandlarning ota-onalari oldidagi burchlarini, vazifalarini qay darajada bajarishlari lozimligini ko‘rsatuvchi ajoyib namuna hamdir.

Муаллиф: Mardon BOLTAYEV, SamDU dotsenti

18.04.2018 141 29 Адабиёт
окна фотограф html php памятники знакомства