samarkandnews.uz – халқ депутатлари Самарқанд шаҳар кенгаши ва шаҳар ҳокимлигининг «Samarqand» газетаси раcмий веб-сайти

XALQ DEPUTATLARI SAMARQAND SHAHAR KENGASHI VA SHAHAR HOKIMLIGINING NASHRI – “SAMARQAND” GAZETASI VA UNING TARIXI HAQIDA


Mamlakatimizning ma’naviyat va madaniyat markazlaridan biri – Samarqandda ham o‘ziga xos matbuot va gazetachilik maktabi yaratilgan. Ana shu maktab quchog‘ida kamol topayotgan nashrlardan biri “Samarqand” gazetasidir.
            Samarqandda matbuot va matbaachilik sohasiga o‘tgan asrning boshlarida asos solingan edi. Chor Rossiyasi istibdodi natijasida anchayin g‘arot bo‘lgan, o‘zining azaliy va asriy qiyofasini yo‘qota boshlagan makonda varaqa ko‘rinishidagi dastlabki matbuot nashri paydo bo‘ldi. Tabiiyki, istibdod tufayli bu varaqalar istilochilar tilida nashr etilib, “Самарканд” deb atalgan edi. Uning dastlabki soni 1904 yilda Сhor Rossiyasi hukumatining siyosatiga qarshi bo‘lgan va buning oqibatida Turkistonga surgun qilinib, Samarqandga kelib qolgan Morozov sharifli revolyutsioner tomonidan chop etilgan. Ushbu gazeta faqat rus tilida chop etilganligi bois mahalliy xalq orasida o‘z o‘rnini topolmay faoliyatini tugatishga majbur bo‘ldi.
            Oradan 9 yil o‘tgach millatparvar jadidchi Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan “Самарқанд” nomi bilan o‘zbek, tojik, rus tillarida chiqadigan gazeta faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ammo, istibdod kasofati bilan bu gazeta ham uzoq umr ko‘rmaydi. Keyinchalik qadim shaharda yana bir qator gazeta va jurnallar elparvar, xalqparvarlar tomonidan tashkil etilib, chop etilishi yo‘lga qo‘yiladi. Afsuski, bu matbuot nashrlarining umri uzoqqa cho‘zilmaydi.
Sho‘rolar hukmronligi davrida o‘zbek va rus tillarida 2 ta viloyat gazetasi – “Zarafshon” (“Ленин йўли”) va “Самаркандский вестник” (“Ленинскый путь”) gazetalari chop etilgan. Shahar hayoti ham ana shu gazetalarda yoritib borilishi yo‘lga qo‘yilgan.
            O‘tgan asrning saksoninchi yillari oxirida sho‘rolar saltanatining emirilishi boshlandi va bunda bevosita erkinlik va demokratiya targ‘ibotchisi sifatida matbuot nashrlari maydonga chiqqanligi ko‘pchilikka ma’lum. Ana shunday sharoitda, ya’ni 1989 yilda taniqli jurnalist Normuhammad Sayfiddinov (marhum) tashabbusi bilan shahrimizda “Samarqand” nomi bilan atalmish o‘zbek, rus, tojik, qrim-tatar tillarida chop etiluvchi axborotnomaga asos solindi. Oradan ikki yil o‘tgach, mamlakatimiz mustaqilligi sharofati bilan bu axborotnoma Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi va shahar hokimligining haftalik nashri sifatida ro‘yxatga olindi va faoliyat yo‘nalishini kengaytirdi.
            Bugungi kunda “Samarqand” nomi bilan chop etilayotgan va qadim shaharning ko‘zgusiga aylangan gazeta tarixi yuqorida tilga olingan Morozov tomonidan chop etilgan rus tilidagi “Самарканд” hamda keyinchalik Mahmudxo‘ja Behbudiy asos solgan “Самарқанд” gazetalari vorisi emasligini alohida ta’kidlash zarur. Negaki, “Самарканд” ham, “Самарқанд” ham ma’muriy huquqiy jihatdan o‘z davrida shahar ma’muriyati yoki hokimligiga bo‘ysunmagan. Qolaversa, har ikki gazeta ham butun Turkiston o‘lkasi bo‘ylab tarqalganligini e`tiborga olsak, uning shahar gazetasi maqomiga to‘g‘ri kelmasligiga amin bo‘lamiz.
            Mustaqillik yillarida gazeta faoliyati yanada kengayib, ta’sirchanligi oshib bordi. Ayniqsa, iqtisodiy qiyinchiliklar davrida gazetaning ilk muharriri Normuhammad Sayfiddinovning tashkilotchiligi, jonkuyarligi bilan amalga oshirilgan ishlari ibratlidir. Keyinchalik Normuhammad Sayfiddinov viloyat hokimi yordamchisi sifatida faoliyat ko‘rsata boshlagach, Toshpo‘lat Rahmatullaev gazetaga muharrirlik qildi. Gazeta muharrirlari safidan taniqli ijodkorlar O‘tkir Rasulov va Nurullo Ostonovlar ham o‘rin olishdi. Bu davr mobaynida “Samarqand” gazetasida Botir Muhammadiyev, Baxtiyor Sharipov, Xayrulla Hamraev, Jamol Sirojiddinov (marhum), Ubaydulla Sirojev, Mehriniso Ko‘bayeva, Lutfulla Sultonov, Muhabbat Ravshanova singari bugungi kunda viloyat va respublika matbuotining turli yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan jurnalistlar mehnati ham “Samarqand”ga singanligini tilga olish joiz.
Ayni paytda o‘zbek, rus va tojik tillarida chop etilayotgan mazkur gazetaga izlanuvchan va ijodkor jurnalist Hakim Jo‘rayev rahbarlik qilayotir. 2009 yilda rahbar sifatida ijodiy jamoada faoliyat boshlagach, avvalo gazetada chop etilayotgan maqolalar mazmun-mohiyatini oshirishga, kadrlarni tanlash, ijodiy muhitni yaratish, tahririyat moliyaviy holatini mustahkamlash choralarini ko‘rdi. Ayni paytga kelib jamoada 14 nafar xodim, jumladan 6 nafar ijodiy xodim – Alisher Isroilov, Umid Alimov, Abduhoshim Ziyodov, Quvondiq Xalilov, Abdushukur Ismoilzodalar faoliyat yuritmoqda. Gazeta 2012 yildan A-2 o‘lchamda haftasiga bir marta, 2015 yildan esa haftasiga ikki marta 1 bosma toboq hajmida, rangli tasvirda chop etilmoqda. Bir vaqtlar 300 nusxada chop etilgan mazkur gazeta ayni paytda 8000 ga yaqin nusxada chop etilayotgani gazetxonlar soni naqadar oshib borayotganidan darak beradi. Bu borada gazeta muassisi Samarqand shahar hokimligining gazeta tahririyatiga qaratayotgan e’toborini e’tirof etish joiz. Shahar hokimligi tomonidan tahririyat jamoasi mudom qo‘llab-quvvatlanib, rag‘batlantirib kelinmoqda.
            Tahririyatda xodimlarning ijodiy faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Tahririyat rahbariyati o‘z ichki imkoniyatidan kelib chiqib tahririyatni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, xodimlarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida ham ijobiy ishlarni amalga oshirmoqda. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tufayli gazetada chop etilayotgan materiallar ta’sirchanligi oshib, nashr zamonaviy qiyofa kashf etayotganligini ko‘pchilik e’tirof olmoqda. Jamoa kelgusida ham ijodiy izlanishni yanada chuqurlashtirish yo‘lini tanlagan.

окна фотограф html php памятники знакомства